MUZEYLAR – TARIX VA MADANIYAT XAZINASI
Abstract
Muzeylar insoniyat sivilizatsiyasi rivojida muhim o‘rin tutadigan muassasalardan biridir. Ular qadimiy yodgorliklar, san’at asarlari, tarixiy hujjatlar va madaniy boyliklarni to‘plab, saqlab, keyingi avlodlarga yetkazadi. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab millionlab odamlar muzeylarga tashrif buyurib, o‘tmish bilan yuzma-yuz kelish imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Muzeylarning asosiy vazifasi – ilmiy, ma’rifiy va tarbiyaviy faoliyat olib borishdir. Har bir eksponat – bu o‘ziga xos tarixiy guvoh, o‘tmishdan hozirgi kungacha yetib kelgan nodir bir xazina. Masalan, qadimiy qurollar, arxeologik topilmalar yoki milliy liboslar orqali ajdodlarimizning hayot tarzi, urf-odatlari va dunyoqarashi haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. O‘zbekiston hududida joylashgan muzeylar, jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqanddagi Afrasiyob muzeyi yoki Xivada joylashgan Ichan qal’a muzeyi, yurtimizning boy tarixiy merosini namoyon etuvchi muhim maskanlardir. Bu muzeylar orqali yosh avlod vatanga bo‘lgan mehrini kuchaytiradi, tarixni anglab yetadi va uni qadrlashga o‘rganadi.So‘nggi yillarda muzeylar zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilmoqda. Virtual ekskursiyalar, multimedia ko‘rgazmalari va interaktiv dasturlar orqali muzeylar yanada jozibali va tushunarli bo‘lib bormoqda. Bu esa, ayniqsa, yoshlar orasida tarixga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda."Muzey" so‘zi qadimgi yunoncha "mouseion" so‘zidan olingan bo‘lib, "ilhom parilari maskani" degan ma’noni anglatadi. Dastlabki muzeylar qadimgi Gretsiyada tashkil etilgan bo‘lib, u yerda asosan ilm-fan, san’at va adabiyotga oid asarlar jamlangan. O‘rta asrlarda esa ko‘proq qirollar va boy zodagonlar o‘z kolleksiyalarini yig‘ib, shaxsiy galereyalar sifatida saqlaganlar. Ammo XVIII-XIX asrlarda bu kolleksiyalar ommaga ochila boshladi va hozirgi zamonaviy davlat muzeylari paydo bo‘ldi.
References
1.”Moziydan sado” –ilmiy-amaliy,ma’naviy-ma’rifiy jurnal.2022-2023-yillar sonlari.
2.”Farg‘ona vodiysida muzey ishi va faoliyati” I.Yusupov, I.Karimov.
2022-yil, O‘zbekiston Respublikasi .Madaniy meros agentligi.
3.”Moziy soboqlari” – Alijon Azizov. Namangan- 2021-yil.
4.”San’at” jurnali- 2013-yil.
5.”Guliston” –ijtimoiy-siyosiy,ilmiy-badiiy,madaniy-ma’rifiy jurnal. 2021-2022-yil.