AMIR TEMUR SALTANATIDA DAVLAT BOSHQARUVI VA HARBIY TIZIM

Authors

  • Toshboltayev Islom Bahodir o‘g‘li. Author

Abstract

Amir Temurning saltanat boshqaruvi. Sohibqiron Amir Temur o‘z zamonasining talab-ehtiyojlaridan kelib chiqib davlat boshqaruvini takomillashtirdi, unga yangicha ruh va mazmun berdi. Davlatning tarkibiy tuzilishi harbiy-siyosiy tartiblarga asoslangan bo‘lsa-da, jamiyat rivoji, barcha ijtimoiy tabaqalarning manfaatlarini ta’minlash nazarda tutilgan edi. Amir Temur saltanatida davlat boshqaruvi ikki idoradan: dargoh va vazirlik (devon)dan iborat bo‘lgan. Dargohni Oliy hukmdorning o‘zi boshqargan. Ijroiya hokimiyat – devonni devonbegi (bosh vazir) boshqargan. Devonda harbiy vazir, mulkchilik va soliq ishlari vaziri, moliya vaziri faoliyat yuritgan. Bulardan tashqari, sarhadlar va tobe mamlakatlarning boshqaruvi bilan shug‘ullanuvchi yana uch vazir bo‘lib, ular devonbegiga hisobot berib turgan. Tashqi va ichki favqulodda voqealardan voqif etib turuvchi ming nafar piyoda, ming nafar ot mingan choparlari bo‘lgan. Butun saltanat bo‘ylab bir kunlik yo‘l oralig‘ida yomxonalar tashkil etilgan. Har bir yomda 50–200 boshdan ot-ulov tutilgan. 117 Sohibqiron mamlakatni boshqarishda o‘z yaqinlariga suyandi. Sohibqiron davlat boshqaruvi ishlarida islom qonun-qoidalariga asoslangan. Uning Qur’oni karim va Hadisi shariflarga munosabati samimiy va oliy darajada bo‘lgan. Payg‘ambar avlodlari, shayxul-mashoyixlarga hurmati cheksiz edi. Davlatni kuchaytirishda ham aynan shunday kishilarga tayanib ish yuritgan. Suyurg‘ol yerlar. Amir Temur ulkan saltanat tasarrufidagi o‘lkalarni asosan to‘rt qism (ulus)ga bo‘lib, o‘g‘illari, nabiralari va xizmat ko‘rsatgan amirlarga suyurg‘ol tarzida in’om qiladi. Movarounnahrdan tashqari o‘z tasarrufidagi barcha viloyat va mamlakatlarni Amir Temur o‘limidan biroz avval o‘g‘il va nabiralari orasida taqsimlaydi: Xuroson, Jurjon, Mazondaron va Seyiston (markazi Xirot) Shohruxga, G‘arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, ya’ni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afg‘oniston va Shimoliy Hindiston (markazi G‘azna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga suyurg‘ol qilib berilgan. Uluslar markaziy hukumatga itoat etsalar-da, ammo ular ma’lum mustaqillikka ega edilar. Ulus hukmdorlarining alohida davlat devonxonasi, qo‘shini mavjud edi. Ularning markaziy hukumatga tobeligi xirojning bir qismini Samarqandga yuborib turish va oliy hukmdor harbiy yurishlarida o‘z qo‘shini bilan qatnashish yoki talab qilingan askarni yuborib turishdan iborat edi. Qo‘shin tuzilishi. Amir Temur davlat mustaqilligi va muhofaza yo‘lidagi ichki va tashqi siyosatida asosan qo‘shinga suyanar edi. Shuning uchun ham u qo‘shin boshliqlarini tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda ichki intizom masalalariga nihoyatda katta ahamiyat berardi. Sohibqiron intizomli qo‘shin tuzishga, jang paytida qo‘- shin qismlarini oqilona boshqarishga, jang taqdirini hal qiladigan joylarga harbiy kuchlarni tezkorlik bilan yo‘llashga, mavjud to‘siq va g‘ovlarni tadbirkorlik bilan bartaraf etishga, 118 qo‘shindagi jangovar ruhni yuksak darajada ushlab turishga erishgan. Amir Temur qo‘shiniga chorvadorlar qatori o‘troq aholidan ham askar to‘plangan. Askariy qismlarni viloyatlardan to‘plash bilan tavochi mansabidagi amaldorlar shug‘ullanar edi. Qo‘shinda harbiy kuchlarning asosini tashkil qilgan otliq askarlar bilan bir qatorda piyodalar ham xizmat qilgan. Amir Temur qo‘shini son jihatdan aniq tashkil etilgan, uning jangovar tartibi takomillashib borgan, o‘z zamonasining ilg‘or qurol va texnikasi bilan ta’minlangan, qismlar bir-biridan kiyim-bosh, bayroq va tug‘lari bilan farqlangan. Bunday farqlanish jangda qo‘shinni boshqarishda qo‘l kelgan. Amir Temur qo‘shini o‘ntalik askariy birikmalar asosida tuzilgan harbiy qismlardan iborat edi. Lashkar tuman – o‘n minglik, hazora – minglik, qo‘shun – yuzlik va ayl – o‘nlik birikmalariga bo‘lingan. Amir Temur o‘n minglik askarni boshqarish uchun tuman og‘asi, minglik bo‘linmalar uchun mirihazora, yuzliklar uchun qo‘shunboshi va o‘nliklar uchun esa aylboshi kabi harbiy mansablarni ta’sis etadi. Sohibqiron Sharqda birinchilardan bo‘lib qo‘shinga o‘tsochar qurol – to‘pni olib kirgan. Tog‘li hududlarda jang harakatlari olib boruvchi maxsus harbiy qism va bo‘linmalar tashkil qilingan. Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, Sohibqiron qo‘shinida ayollardan iborat bo‘linmalar bo‘lib, ular erkaklar bilan bir safda turgan, qahramonlik va matonat namunalarini ko‘rsatgan.

Author Biography

  • Toshboltayev Islom Bahodir o‘g‘li.

    IIV Surxondaryo akademik litseyi tarix fani o`qituvchisi.

Published

2025-05-16