1-SINF ONA TILI VA O’QISH SAVODXONLIGI DARSLARIDA LUG’AT USTIDA ISHLASH YO’LLARI
Keywords:
Sinonim, antinim, lug‘at, boylik, makon, zamon, metodika, kommunikativ, analiz sintezAbstract
So‘zning nutqda qanday shaklda qo‘llanilishini bilish qanchalik zarur bo‘lsa, uning ma’nosini bilish ham shunchalik zarurdir. Inson nutqi jarayonida zarur so‘zlarni semantik ma’nosiga qarab tanlaydi va fikrni aniq ifodalashga intiladi. Aks holda, yolg‘iz so‘z hech qanday kommunikativ vazifani bajara olmaydi. Yakka holdagi so‘zning o‘zi mustaqil ma’no anglatmaydi. Lekin bir nechta so‘zlardan tashkil topgan gaplar nutqni, nutq esa ma’lum bir ma’noni ifoda etadi. Yoki u dialogni tashkil qilishi mumkin. Shu orqali inson o‘z nutqi orqali aytayotgan so‘zi bilan boshqalarga nisbatan munosabatini yoki ular bilan o‘zaro aloqa shaklini aniqlaydi. Nutqni anglashning eng muhim sharti — unda ifodalangan fikr va mazmunni tushunishdir. Fikrni ifodalashning turli usullari mavjud bo‘lib, ular so‘zlarning semantik ma’nosiga qarab shakllanadi. Nutq o‘stirish metodikasida tilning leksikologiya va grammatika bo‘limlari alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, leksikologiya — bu alohida bo‘lim bo‘lib, unda lug‘at bilan ishlash, so‘zning ma’nosi, ma’no doirasi o‘rganiladi. Biz so‘zlarning ma’nosini leksikologiyada o‘rganamiz. So‘zning ma’noviy ishlatilishi, har qanday kontekstdagi ma’nosi, hattoki yuz ifodasiga qarab o‘zgarishi, ohang, qo‘llanish uslubi — bularning barchasi leksikologiyada o‘rganiladi. Mazmun va mohiyatiga ko‘ra lug‘at bilan qanday ishlashni va uni qanday o‘rganishni aniqlab olish kerak ekanligini ko‘rib chiqamiz. Ushbu maqola birinchi sinfga mo‘ljallangani sababli, “Alifbe” darsligi va o‘qish savodxonligi darsliklari bilan ishlaymiz. Eng avval, lug‘at ustida ishlash tushunchasiga oydinlik kiritamiz. Lugʻat ustida ishlash — bu til boyligini oshirish, atamalarni tartibga solish va so‘zlarning to‘g‘ri ma’no va izohlarini aniqlash jarayonidir. Bu ish jarayonida avval so‘zlar yig‘iladi, ularning imloviy va grammatik shakllari tekshiriladi. Keyin esa har bir so‘zning ma’nosi aniqlanib, kerak bo‘lsa tarjimasi yoki sinonim-antonimlari bilan birga yoziladi. So‘zlar odatda alifbo tartibida yoki mavzularga bo‘linib joylashtiriladi.