XOJA XASAN ANDOQIY YO’LI
Keywords:
Xojagon tariqati, Yusuf Hamadoniy, Ahmad Yassaviy, Xoʻja Hasan Andoqiy, tasavvuf va din, ma’naviy meros, sufiylik maktabi, ijtimoiy-madaniy ta’sir, Samarqand, Qiziltepa, Buxoro.Abstract
Ona yurtimiz qadim zamonlardan buyuk sarkardalar, olimlar, mutafakkir va shoirlar, diniy ulamolar va tasavvuf peshvolari yetishtirgan ulugʻ zamin sifatida dunyo tarixida alohida oʻrin tutadi. Bu zamin oʻz farzandlarining chuqur bilimlari, aql-zakovati, ulkan bunyodkorlik ishlari, qad koʻtargan shahar-u imoratlari hamda qudratli davlatlari bilan jahonga mashhur boʻlgan. Ayniqsa, Turk-islom madaniyati rivojida katta rol oʻynagan diniy-tasavvufiy maktablarning shakllanishi ham shu yurtning yetuk siymolari nomi bilan bogʻliqdir.
Ushbu tadqiqotda Markaziy Osiyo tasavvuf tarixida muhim oʻrin egallagan taniqli mutasavvif Xoʻja Hasan Andoqiyning hayot yoʻli, ilmiy faoliyati va falsafiy qarashlari atroflicha tahlil qilingan. Tadqiqotda Andoqiyning VIII–XII asrlarda keng yoyilgan tasavvufiy harakatning faol ishtirokchisi sifatida shakllanish jarayoni batafsil yoritilgan. Shuningdek, uning mintaqadagi taniqli sufiy olimlar Yusuf Hamadoniy va Ahmad Yassaviy bilan yaqin munosabatlari hamda Xojagon tariqati rivojidagi salmoqli oʻrni ochib berilgan. Andoqiy ta’limotining insonlarni axloqiy poklikka, ruhiy-ma’naviy kamolotga va Allohga ixlos bilan ibodat qilishga chaqiruvchi jihatlari maxsus ta’kidlangan. Maqolada tarixiy-ilmiy asarlar va boshqa manbalar asosida Andoqiyning tugʻilgan joyi, ta’lim olgan madrasalari hamda diniy-ilmiy ustozlari haqida yangi ma’lumotlar berilgan. Uning oʻz davridagi madaniy, ijtimoiy va diniy hayotga koʻrsatgan ta’siri tahlil etilib, zamondosh olimlar bilan oʻzaro munosabatlari, safarlari hamda tariqat ichidagi faoliyatlari aniq tarixiy faktlar asosida koʻrsatilgan. Yusuf Hamadoniy bilan boʻlgan ustoz-shogird munosabatining uning ruhiy va falsafiy qarashlarini shakllantirishdagi ahamiyati misollar bilan dalillangan.
Tadqiqotda Andoqiy ta’limotining Ahmad Yassaviy bilan boʻlgan yaqin hamkorlik munosabati orqali yanada rivoj topgani hamda uning falsafiy hikmatlarining amaliy ahamiyati qayd etilgan. Uning asosida shakllangan Xojagon tariqatining tamoyillari nafaqat Markaziy Osiyo hududi bilan cheklanmay, balki Old Osiyo va Anadoʻli (hozirgi Turkiya) mintaqalarida ham keng yoyilgani va chuqur ta’sir koʻrsatgani bayon etilgan. Tadqiqotda Andoqiy merosini chuqur oʻrganish bugungi kunda ham dolzarbligi ta’kidlangan boʻlib, bu orqali oʻzbek xalqining tarixiy, madaniy va diniy-ma’naviy qadriyatlarini yanada toʻlaroq anglash imkoniyatiga ega boʻlishi qayd etilgan.