O'ZBEK MILLIY MUMTOZ MUSIQA SAN’ATIDA MUSIQIY CHOLG'ULARINING TARIXIY TARAQQIYOTI VA ULARNING TURLARI
Keywords:
O‘zbek xalq musiqasi, o'zbek xalq cholg'ulari, shakllanish va takomillashish, tasnifot, musiqa san'ati, Shark va G'arb musiqashunosligi, musiqiy iboralar, falsafiy xususiyatlar.Abstract
Musiqiy cholg'ular insoniyat ma'naviyatini ohanglarda tarannum etuvchi vosita, ya'ni xalq ijodiyoti mahsuli bo'lib, azal-azaldan omma orasida shakllanib, mohir soz ustalari tomonidan yasalib, tobora mukammallashib kelayotgan mo'jizaviy va ifodaviy asboblardir. Cholg'ularda har bir xalqning milliy g'ururi, an'anasi, qadriyatlari o'z ifodasini topganki, ulardan taraladigan ovoz ham shunga moslashgan. Bular barchasi yaratilajak cholg'ularning shakliga va milliylik mezoniga asos bo'lib xizmat qiladi. Tarix davomida doimo musiqiy cholg'ularga bo'lgan e'tibor katta bo'lishi bilan birga tarbiyaviy tomonlari bilan ham alohida ahamiyatga ega bo'lib kelgan. Ma'lumki, musiqiy cholg'ular xalqlarning moddiy hamda ma'naviy boyligidir. Chunonchi, har bir xalq o'z milliy merosi, davrlar osha yuzaga kelgan an'analarini milliy ohanglar orqali tarannum etuvchi va xalqning milliy ma'naviyatiga xos yaratilgan amaliy san'at namunalari orqali ularga mos keluvchi cholg'u asboblariga egadirlar. O'zbek musiqiy cholg'ular olami bu xususda ma'nan va moddiy nuqtai nazardan boy hamda rang-barang ekanligini e'tirof etib o'tish lozimdir. Qolaversa, qaysiki xalqning ma'naviyati yuksak bo'lsa, uning tarixi va unga mos merosi ham ulkandir.