OZIQ-OVQAT IQTISODIYOTI
Keywords:
Oziq-ovqat iqtisodiyoti, qishloq xo'jaligi eksporti, ekonometrik tahlil, subsidiyalar, inflyatsiya, sovuq zanjir infratuzilmasi, O'zbekiston iqtisodiy islohotlari.Abstract
Ushbu maqola O'zbekiston oziq-ovqat iqtisodiyotini ekonometrik tahlil asosida o'rganadi, ayniqsa qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksportining samaradorligi va ta'minot zanjiri bog'liqliklariga e'tibor qaratadi. Tadqiqot 2019–2024 yillarga oid statistik ma'lumotlarga asoslangan bo'lib, bu davrda mamlakat iqtisodiy islohotlari va global pandemiya ta'sirida oziq-ovqat sektori sezilarli o'zgarishlarni boshdan kechirdi. Asosiy maqsad – oziq-ovqat eksporti qiymatini (Y, milliard AQSh dollarida) qishloq xo'jaligi qo'shilgan qiymati (X1, milliard dollar), oziq-ovqat inflyatsiyasi (X2, foizda), subsidiyalar (X3, milliard dollar) va sovuq zanjir quvvati (X4, million m³) kabi o'zgaruvchilar bilan bog'liqligini aniqlashdir. Ma'lumotlar O'zbekiston Davlat statistika qo'mitasi, Jahon banki, FAO va mahalliy vazirlik hisobotlaridan yig'ilgan. 2019 yilda oziq-ovqat eksporti 1.5 milliard dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2024 yilga kelib bu ko'rsatkich 2.1 milliard dollarga yetdi, bu qishloq xo'jaligi qiymatining 17.5 dan 21.1 milliard dollarga o'sishiga bog'liq. Inflyatsiya 2019 yildagi 15% dan 2024 yildagi 8% ga pasaygan, subsidiyalar 5 dan 7.5 milliard dollarga ko'tarilgan va sovuq zanjir infratuzilmasi 0.3 dan 0.5 million m³ ga oshgan.
Korelatsiya tahlili shuni ko'rsatdiki, Y va X1 o'rtasidagi bog'liqlik 0.995 ni tashkil etadi, bu qishloq xo'jaligi rivoji oziq-ovqat eksportiga kuchli ta'sirini tasdiqlaydi. Y va X3 (0.953) ham yuqori, subsidiyalarning rolini ko'rsatadi. Regressiya natijalari OLS modeli asosida hisoblangan: R-kvadrati 0.999 ga yaqin, ammo multikollinearlik sababli ba'zi koeffitsientlar statistik ahamiyatsiz. Masalan, X1 koeffitsienti 0.151 (p=0.103) bo'lib, har qo'shimcha milliard dollar qiymat oziq-ovqat eksportini 0.151 milliard dollarga oshirishi mumkin. Tadqiqot O'zbekiston oziq-ovqat iqtisodiyotida sovuq zanjir va subsidiyalarni kuchaytirish zarurligini ta'kidlaydi. Masalan, 2020 yilda pandemiya ta'sirida eksport 1.4 milliard dollarga pasaygan, ammo 2022 yilda islohotlar natijasida 1.8 milliardga yetgan. Qishloq xo'jaligi 32% YaIMni berib, 3.6 million kishini ish bilan ta'minlaydi, ammo meva-sabzavot chiqindilari 28% ga yetadi. Ushbu ish "Agro-eksport 2030" strategiyasiga mos keladi va keyingi tadqiqotlar uchun asos bo'lib xizmat qiladi.