SHARQ VA G‘ARB MUSIQIY OLIMLARINING RITM VA USUL HAQIDA NAZARIY YONDASHUVLARI
Keywords:
Kalit so‘zlar : Ritm, usul, iyqo, metr, Sharq musiqasi, G‘arb musiqasi, ilmi iyqo, musiqiy vaqt, maqom, Shashmaqom, Forobiy, Aristoksen, ritmik tuzilma, zarb, davriy sikl.Abstract
Annotatsiya: Mazkur maqolada ritm va usul tushunchalarining nazariy hamda amaliy mohiyati Sharq va G‘arb musiqiy tafakkuri doirasida qiyosiy tahlil qilinadi. Ritm musiqaning vaqt omiliga asoslangan fundamental kategoriyasi sifatida talqin etilib, uning etimologik ildizlari qadimgi yunon tafakkuriga borib taqalishi ko‘rsatib o‘tiladi. Qadimgi yunon olimlari, xususan, Aristoksen tomonidan ritm vaqtning tartibli bo‘linishi va harakatning muvozanatli takrorlanishi sifatida izohlanganligi ta’kidlanadi. G‘arb musiqasida ritmning yozma notatsiya, qat’iy metr tizimi hamda kompozitsion tuzilma bilan bog‘liqligi va dramatik ifoda vositasi sifatida namoyon bo‘lishi tahlil etiladi. Sharq musiqasida esa ritm tushunchasi “usul” va “iyqo” kategoriyalari orqali kengroq mazmunda yoritiladi. Iyqo nazariyasi o‘rta asr musulmon Sharqi musiqa ilmining muhim qismi sifatida Abu Nasr Forobiy asarlarida ilmiy asoslab berilganligi qayd etiladi. Unda iyqo musiqiy vaqt o‘lchovi va ritmik tuzilmaning nazariy negizi sifatida talqin qilinadi. Shuningdek, Ibn Sino va Safiyuddin Urmaviy kabi olimlar tomonidan usul va ritmning estetik hamda ruhiy jihatlari rivojlantirilgani yoritiladi. Maqolada Sharq musiqa an’analarida usulning nafaqat zarb ketma-ketligi, balki ma’lum hissiy-ruhiy holatni ifodalovchi tsiklik tuzilma ekani, xususan, Shashmaqom tizimida usullarning kompozitsion va badiiy ahamiyati ochib beriladi. Xulosa sifatida ritm va usul har ikki musiqiy madaniyatda vaqt va harakatni estetik tashkil etuvchi asosiy omillar bo‘lsa-da, G‘arbda ular ko‘proq metrik-kompozitsion mezon sifatida, Sharqda esa falsafiy-estetik va marosimiy mazmun bilan uyg‘un holda namoyon bo‘lishi asoslab beriladi.