DIALEKTIK MOHIYATDA UMUMINSONIY QADRIYATLARNING SHAKLLANISHI
Abstract
Umuminsoniy va diniy qadriyatlar o‘rtasidagi dialektik aloqaning chuqur
falsafiy mohiyati shundaki, bu ikki qadriyat tizimi insonning mavjudlikdagi ikki asosiy
tomonini – biologik ijtimoiylik va ruhiy-metafiziklikni uyg‘unlashtirishga xizmat
qiladi. Insoniyat qadimdan hayotiy me’yorlar va axloqiy tamoyillarni shakllantirishda,
bir tomondan, o‘zining tajribaviy ongiga, boshqa tomondan esa, ilohiy vohiyga
tayangan. Natijada qadriyatlar dunyosi umuminsoniy mezonlar bilan diniy-me’rifiy
tushunchalar o‘rtasida shakllangan doimiy o‘zaro ta’sir jarayonida boyigan.
Dialektik mohiyatda umuminsoniy qadriyatlar – bu insoniyat jamiyatining eng
optimal, eng murosaviy va universal shaklda tan olingan mezonlari bo‘lsa, diniy
qadriyatlar – ularning transsendent asosli, mutlaq haqiqatga tayanadigan, ilohiy asosda
mustahkamlangan talqinidir. Boshqacha aytganda, har bir umuminsoniy qadriyat
o‘zining chuqur qatlamida diniy asosga ega bo‘lishi mumkin, lekin bu har doim shart
emas. Shu nuqtada qadriyatlar dialektikasining o‘ziga xosligi shundaki, ular bir-birini
faqat to‘ldiribgina qolmaydi, balki bir-birining shakllanishiga ham sabab bo‘ladi.
Falsafa doktori H.Olimov shunday deydi: “Diniy qadriyatlar faqat diniy
jamiyatlar uchun emas, balki butun insoniyatga tegishli bo‘lgan umuminsoniy
qadriyatlarni ham anglashda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ular hayotning ilohiy
talqinini beradi va umuminsoniy qadriyatlarning asosini chuqurroq, mukammalroq
anglashga imkon yaratadi”.